Maosh 2 ming dollargacha: Yaponiyada haydovchilar uchun ish o‘rinlari e’lon qilindi

B va C toifali haydovchilik guvohnomasiga ega fuqarolar uchun Yaponiya bo‘ylab yuk tashuvchi haydovchilar uchun 250 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Dasturda 21 – 35 yoshdagi, B, C toifali haydovchilik guvohnomasiga ega va C toifasida kamida 3 yillik ish stajiga ega fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Nomzodlar orasidan tanlov Xorijda Ish platformasida CV to‘ldirganlar ichidan amalga oshiriladi.
Tanlab olingan ishtirokchilar uchun Toshkent viloyatining Angren shahrida 2026-yil 15-iyundan keyin boshlanadigan 8 oylik bepul tayyorlov kurslari tashkil etiladi. Kurs davomida yotoqxona bepul taqdim qilinadi. Yapon tilini bilish nomzodlar uchun ustunlik sifatida baholanadi.
Ish beruvchi tomonidan oylik maosh $1200 – $2000 miqdorida belgilangan bo‘lib, kelgusida oshirilishi mumkin. Shuningdek, xodimlarga yiliga ikki marta bonus to‘lanadi va smenali ish jadvali asosida faoliyat yuritish ko‘zda tutilgan.
Ishga qabul qilingan fuqarolar aviabilet, ishchi viza, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlanadi. Turarjoy beriladi, biroq uning xarajatlari uchun oyiga taxminan 200 dollar ushlab qolinadi. Ovqatlanish xarajatlari esa xodimning o‘zi tomonidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maosh 2500 yevrogacha: Germaniyada hamshiralar uchun ish o‘rinlari e’lon qilingan edi.