O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishida eskrou tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishida fuqarolar mablag‘larini himoya qilishga qaratilgan eskrou tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev urbanizatsiya va shaharsozlik sohasiga oid taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi hajmi 2,5 baravar oshib, 2025-yilda 11 mln kvadrat metrdan ortgan. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar ham ko‘paygan. O‘tgan yilning o‘zida qariyb 3 ming nafar fuqaroga 668 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Shu munosabat bilan ulushli qurilishga oid yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unda fuqarolar mablag‘larini himoya qilish, qurilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash va loyihalarni yangi tartib asosida nazorat qilish nazarda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy qismi eskrou hisobvaraqlari mexanizmi bo‘ladi. Unga ko‘ra, uy xaridorlarining mablag‘lari vakolatli bankdagi maxsus hisobvaraqda saqlanadi va quruvchi kompaniyaga qurilish ishlari belgilangan shartlar bajarilgandan keyingina o‘tkaziladi. Shuningdek, shartnoma bekor qilingan taqdirda ulushdorning mablag‘i to‘liq qaytarilishi kafolatlanadi.
Taqdimotda shaharsozlik hujjatlarini raqamlashtirish, bosh rejalar va master-rejalar bo‘yicha yagona elektron reyestr yaratish, «Uy-joy» yagona axborot platformasini ishga tushirish ham muhokama qilindi. Ushbu platformada qurilish loyihalari, ruxsatnomalar, developerlar reytingi va eskrou hisobvaraqlari bo‘yicha ma’lumotlar jamlanadi.
Bundan tashqari, 1991-yilgacha qurilgan 17 mingta uy-joy fondini bosqichma-bosqich yangilash maqsadida shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ham ishlab chiqilgan. Unda aholi roziligini olish, kompensatsiya va ko‘chirish tartiblari hamda investorlar majburiyatlarini aniq belgilash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy investorlarga yer 49 yilgacha ijaraga berilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.