Jizzaxdagi attraksionda yuz bergan hodisada 4 kishi jarohatlandi

eʼlon qilindi
Attraksionda oxirgi texnik ko‘rik 2025-yil 5-noyabr kuni o‘tkazilgan
Jizzaxdagi attraksionda yuz bergan hodisada 4 kishi jarohatlandi / Foto: Jizzax viloyat hokimligi

Jizzax shahridagi «O‘rda» istirohat bog‘ida joylashgan attraksionda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizildi. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, hodisa 2026-yil 10-iyun kuni taxminan soat 22:00 da bog‘dagi «Niyatjon niyati» MChJga qarashli «Bashnya podeniya» attraksionida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2019-yilda ishlab chiqarilgan va 16 o‘rindiqqa ega bo‘lgan attraksiondagi hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. Jabrlanganlar shifoxonaga yotqizilgan. Ularning holati tibbiyot xodimlari nazoratida.

Video: Telegram yulduzlari kanali

Qo‘mita hodisa aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganidan so‘ng holat hududiy bo‘lim mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilganini ma’lum qildi. Shuningdek, voqea natijasida o‘lim holati qayd etilmagani bildirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur attraksionda oxirgi texnik ko‘rik 2025-yil 5-noyabr kuni o‘tkazilgan. Hozirda vakolatli organlar tomonidan hodisa yuzasidan tergovga qadar dastlabki o‘rganish va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonda havo shari qulashi oqibatida bir nafar o‘zbekistonlik jarohatlangan edi.

Shuningdek