Tailand malikasi uch yildan ortiq komadan so‘ng vafot etdi

Tailand qiroli Maha Vachiralongkornning katta farzandi, malika Bajrakitiyabha uch yildan ortiq vaqt davom etgan komadan so‘ng vafot etdi. Bu haqda mamlakat qirollik saroyi ma’lum qildi.
Malika 47 yoshda edi. U 2022-yil dekabrida itlari bilan mashq qilayotgan vaqtda hushini yo‘qotib yiqilgan. Shifokorlar uning holatini yurakdagi mikoplazma infeksiyasi sabab yuzaga kelgan og‘ir yurak ritmi buzilishi bilan izohlagan edi. Shundan beri u Bangkokdagi Chulalongkorn shifoxonasida davolanib kelayotgandi.
Qirollik saroyi bayonotida shifokorlar malikaga eng yaqin va intensiv tibbiy yordam ko‘rsatgani, biroq uning ahvoli asta-sekin yomonlashib borgani qayd etildi. Malika payshanba kuni mahalliy vaqt bilan 19:48 da vafot etgan.
Bajrakitiyabha 1978-yil 7-dekabrda qirol Maha Vachiralongkorn va uning birinchi rafiqasi, malika Soamsavali oilasida tug‘ilgan. U qirolning yetti farzandi orasida eng kattasi edi.
Malika huquqshunos sifatida tahsil olgan. U AQShdagi Kornell universitetida ikki bor magistratura bosqichini tamomlagan. Shundan so‘ng Tailandning Nyu-Yorkdagi BMTdagi vakolatxonasida qisqa muddat ishlagan. Keyinchalik mamlakatiga qaytib, Bangkok va boshqa hududlardagi Bosh prokuratura tizimida faoliyat yuritgan.
Malikaning vafoti Tailanddagi taxt vorisligi masalasini yanada noaniq holatda qoldirdi. Mamlakatda qirollik oilasini tanqid qilishni cheklovchi qat’iy qonunlar mavjudligi sabab bu mavzu jamoatchilik orasida ochiq muhokama qilinmaydi.
Avvalroq «Kursiv» Tailanddagi ko‘rshapalaklarda yangi koronavirus shtammi topilgani haqida yozgan edi.