
Jahon chempionatining guruh bosqichidagi ikkinchi bahsida Chexiya va Janubiy Koreya terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Uchrashuvning asosiy va hal qiluvchi voqealari ikkinchi bo‘limda yuz berdi. Dastlab, 59-daqiqada chexlar hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Qanotdan jarima maydonchasiga uzatib berilgan to‘pni Ladislav Kreychiy boshi bilan darvozaga aniq yo‘lladi. O‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng, koreyaliklar hujumkorlikni sezilarli darajada oshirishdi.

Ushbu bosim 67-daqiqada o‘z samarasini berdi va Janubiy Koreya muvozanatni tikladi. Li Kan In tomonidan jarima maydonchasiga yetkazib berilgan to‘pni Xvan In Bom ustalik bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. «Feynord» yarim himoyachisi bir harakat bilan raqib darvozaboni hamda himoyachisini chalg‘itib, bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol qildi.

77-daqiqada Chexiya yana bir bor hisobda oldinga chiqib olgandek ko‘rindi, biroq kiritilgan gol o‘yindan tashqari holat tufayli hakam tomonidan bekor qilindi. Oradan atigi uch daqiqa o‘tib, koreyaliklar hisobda oldinga chiqib olishdi. Tashkil etilgan tezkor qarshi hujumni O Xyon Gyu gol bilan yakunladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, ikkinchi turda Chexiya terma jamoasi Janubiy Afrika Respublikasi bilan to‘qnash kelsa, Janubiy Koreya musobaqa mezbonlaridan biri – Meksika bilan o‘zaro hisob-kitob qiladi.
Avvalroq Kursiv nashri Meksika Jahon chempionatini g‘alaba bilan boshlagani haqida xabar bergan edi.