Eron Trampning tinchlik kelishuvi tez orada imzolanishi haqidagi bayonotini rad etdi

Eron AQSh prezidenti Donald Trampning Vashington va Tehron o‘rtasida tinchlik kelishuvi tez orada imzolanishi mumkinligi haqidagi bayonotini rad etdi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiyning aytishicha, kelishuvni imzolash vaqti hamda joyi haqidagi xabarlar hozircha erta va taxminiy tusga ega.
Baqoiyning ta’kidlashicha, AQSh bilan ehtimoliy kelishuv bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan. Shuningdek, Tehron muzokaralarda o‘zining «qizil chiziqlari»dan voz kechmoqchi emas.
«Kelishuvni imzolash vaqti va joyi haqidagi xabarlar spekulyativ bo‘lib qolmoqda, hozircha hech narsa yakuniy kelishilgan emas», – dedi Eron TIV vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak kelishuv matnining katta qismi tomonlar tomonidan kelishib olingan. Biroq muzokaralar jarayoni AQSh tomoni o‘z pozitsiyasini tez-tez o‘zgartirayotgani va yangi talablar qo‘yayotgani sabab murakkablashmoqda.
Avvalroq Donald Tramp AQSh va Eron tinchlik bitimini imzolashga yaqin turganini bildirgan edi. Ayrim xabarlarda hujjat Yevropada yaqin kunlarda imzolanishi mumkinligi aytilgan. Tehron esa bunday ma’lumotlar yakuniy kelishuv mavjudligini anglatmasligini ta’kidladi.
Eron tomoni muzokaralar davom etayotganini tan olmoqda, biroq kelishuv shartlari bo‘yicha barcha masalalar hal etilmaguncha rasmiy qaror bo‘lmasligini bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Eronni ketma-ket ikkinchi kecha bombardimon qilgani haqida yozgan edi.