
Turkiyaning Istanbul shahrida giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq ish doirasida 23 kishi, jumladan, «Muhtasham yuz yil» seriali yulduzi Beren Saat (Ko‘sem Sulton) qo‘lga olindi.
Hürriyet nashri xabariga ko‘ra, ushlanganlar orasida Beren Saat, model va qo‘shiqchi Ayshe Hatun Unal, xonanda Kenan Doğulu hamda ijtimoiy tarmoq yulduzi Kerimjan Durmaz bor.
Politsiya operatsiyasi davomida ushlangan shaxslar avval sud-tibbiy ekspertiza institutiga olib borilgan. U yerda ulardan qon va soch namunalari olingan, so‘ng politsiya bo‘limiga yuborilgan.
Ularga giyohvand yoki psixotrop moddalarni shaxsiy maqsadda saqlash hamda giyohvandlikka undash bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilmoqda.
Tintuvlar davomida ayrim manzil va ish joylaridan giyohvand moddalar hamda ularni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Muhtasham yuz yil»dagi Sulton Sulaymon yolg‘on guvohlik uchun to‘rt yilga qamalishi mumkinligi xabar qilingandi.
Ayblovga ko‘ra, Ergench 2013-yilda Gezi bog‘ida bo‘lgan noroziliklar bo‘yicha olib borilgan tergovda soxta ma’lumot taqdim etgan. Ishda aktyorning hamkasbi Rıza Kojaog‘lu ham tilga olinmoqda. Ular hibsga olingan kasting-direktor Aysha Barimni himoya qilishga uringanlikda gumon qilingan.