130 dan ortiq murojaatlar: Chimkentda ilon va chayonlar ko‘paydi

eʼlon qilindi
Mavsum boshidan buyon esa chayon chaqishi oqibatida 80 kishi jabrlangan
130 dan ortiq murojaat: Chimkentda ilon va chayonlar ko‘paydi
Rasm: SI

Qozog‘istonning Chimkent shahrida so‘nggi ikki oy ichida ilonlar bilan bog‘liq 130 dan ortiq murojaatlar qayd etildi. Mavsum boshidan buyon esa chayon chaqishi oqibatida 80 kishi jabrlangan.

Almaty tv ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruvchilar oxirgi ikki oyda ilonlar aniqlangani bo‘yicha 130 dan ortiq chaqiruvlar olgan. Ularning qariyb 90 tasi tutib olingan.

Taqqoslash uchun, o‘tgan yil davomida shaharda shunga o‘xshash 200 ga yaqin murojaatlar qayd etilgan edi.

Ma’lum qilinishicha, ilonlar ko‘proq xususiy uylar, turar joy massivlari, bog‘lar va yashil hududlarda uchramoqda. Bunga asosiy sabab sifatida ularning oziq izlab aholi yashash joylariga yaqinlashayotgani ko‘rsatilmoqda.

Qutqaruv xizmati vakili Erbol Ospanovning ta’kidlashicha, ilonlar odatda sichqon va qushlar ko‘p bo‘lgan joylarda uchraydi. Shaharda zaharli hamda zaharsiz ilon turlari yashaydi. Hozircha Chimkentda ilon chaqishi bilan bog‘liq holatlar qayd etilmagan.

Biroq chayonlar aholi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, mavsum boshidan buyon chayon chaqishi oqibatida 80 kishi shifokorlarga murojaat qilgan.

Qutqaruvchilar aholini ehtiyotkor bo‘lishga, hovli va dam olish hududlarini muntazam tekshirib turishga hamda ilon yoki chayonni ko‘rgan taqdirda ularni mustaqil ravishda ushlashga urinmaslikka chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gulistonda chiyabo‘ri 4 kishiga hujum qilgandi. Hodisa vaqtida mahallada yashovchi fuqaro tezkor harakat qilib, yovvoyi hayvonni zararsizlantirgan. Shu tariqa mavjud xavf bartaraf etilgan.

Jarohat olgan fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.

Shuningdek