Namanganda «Eski shahar» turizm majmuasi tashkil etiladi

Namanganda «Eski shahar» turizm majmuasi tashkil etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Xususan, Sharq tongi mahallasidagi Samarqand va Ko‘zagarlik ko‘chalari Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Zarqaynar ko‘chasi namunasi asosida «Eski shahar» turizm majmuasiga aylantiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-yillarda Namangan viloyatida 20 ta «chempion» tadbirkor tanlab olinadi. Ular ishtirokida korxonalarda mehnat unumdorligi va samaradorlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.
Bu jarayonda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti — GIZ bilan birgalikda ishlab chiqarishni maqbullashtirish va mahsulot tannarxini kamaytirishga qaratilgan Lean Six Sigma dasturi joriy etiladi. Ushbu dastur korxonalarda tejamkor ishlab chiqarish tamoyillarini qo‘llash, ortiqcha xarajatlarni qisqartirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda «Kichik biznesga maslahat» dasturi doirasida tadbirkorlarga turli yo‘nalishlarda konsultatsiya xizmatlari ko‘rsatish rejalashtirilgan. Bankning arzon moliyaviy mahsulotlarini ajratish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishish nazarda tutilmoqda.
Mazkur majmua milliy me’morchilik, hunarmandchilik an’analari va zamonaviy servis xizmatlarini o‘zida mujassam etadi. Bu loyiha Namanganning tarixiy qiyofasini tiklash, mahalliy hunarmandchilikni rivojlantirish va sayyohlar uchun yangi turizm yo‘nalishini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» nashri Navoiy va Namanganda ikki profilaktika inspektori pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.