Toshkentda 34 kgdan ortiq narkotik modda kontrabandasiga chek qo‘yildi

Toshkent shahrida 34 kg.dan ortiq og‘ir turdagi narkotik moddalar noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Tadbir davomida poytaxtdagi «Qo‘yliq» bozori yaqinida shubhali tarzda to‘xtab turgan «Lacetti» rusumli avtomobil xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Mashinani Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi, 1968-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan shaxs boshqarib kelayotgani aniqlandi.
Avtomobilda 1984-yilda Denov shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro ham bo‘lgan. Tekshiruv jarayonida avtomobil salonidagi yelim idish ichidan 30 ta o‘ramda jami 34 kg 610 gramm og‘ir turdagi giyohvandlik vositalari topildi. Shundan 12 kg 960 grammi «opiy», 21 kg 650 grammi esa «gashish» ekani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
DXX ma’lumotiga ko‘ra, bunday turdagi narkotik moddalar O‘zbekistonga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi hamda 25, 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etayotir. Gumonlanuvchilarning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Toshkent va Navoiyda qalbaki valyuta sotishga uringan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.