Endi noqonuniy narkolaboratoriya tashkil qilganlar 10 yilga ozodlikdan ayriladi

O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Yangi qonun bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Endilikda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash yoki qayta ishlash uchun noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoxud tarqatish uchun bangixona tashkil etish yoki saqlash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bundan tashqari, bunday moddalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy egallaganlik uchun esa 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish hamda yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgandi.
Unga muvofiq, Jinoyat kodeksiga «Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar» nomli yangi bob kiritiladi. Shuningdek, 10 dan ortiq xavfli qilmish bo‘yicha jazo choralari og‘irlashtiriladi.