Andijonda inspektor va bank xodimi pora bilan ushlandi

eʼlon qilindi
Qurilish inspeksiyasi xodimi 30 mln so‘m, bank menejeri esa $8 ming talab qilgani aniqlangan
Foto: Xavfsizlik Telegram-kanali

Andijon viloyatida davlatga yetkazilgan zararni kamaytirib berishni va yirik miqdorda kredit ajratishni va’da qilib, fuqarolardan pora talab qilgan qurilish inspeksiyasi va bank xodimlari ushlandi.

Andijon shahrida joylashgan savdo do‘koni tomonidan ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilgani oqibatida davlatga qariyb 680 mln so‘m zarar yetkazilgan. Viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi inspeksiyasi sho‘ba boshlig‘i ushbu zararni qayta hisoblatib, kamaytirib berish evaziga 30 mln so‘m so‘ragan. U tezkor tadbirda pullarni olayotganida dalillar bilan ushlangan.

Foto: Xavfsizlik Telegram-kanali

Boshqa bir holatda esa tijorat bankining Asaka tuman filiali bosh menejeri fuqaroga 3,65 mlrd so‘m kredit olishida yordam berish uchun $8 ming talab qilgani aniqlandi. Aprel va may oylarida menejer jami $7,8 ming olgan, ammo o‘z va’dasini bajara olmagan.

Bank xodimi ushbu pullarning $1 mingini fuqaroga qaytarib berayotganida DXX va Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv nashri Guliston shahar hokimligi xodimi 50 ming dollarlik pora ishida gumonlanayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek