BMW yangi elektromobilini taqdim etdi, Toshkentda yong‘in sodir bo‘ldi — 13-iyundagi yangiliklar dayjesti

Kursiv Uzbekistan 23-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi
Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Nukus ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli binoning tashqi qismida yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabar berdi. Yong‘in haqidagi xabar FVVga 13-iyun kuni soat 10:21 da kelib tushgan. Qutqaruv bo‘linmalari hodisa joyiga ikki daqiqada, soat 10:23 da yetib borgan. O‘t o‘chiruvchilar darhol ko‘p qavatli uydagi barcha fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilishga kirishgan.
AQSh Paragvay ustidan yirik g‘alabaga erishib, 3 ochkoni qo‘lga kiritdi

Futbol bo‘yicha Jahon chempionatining guruh bosqichi 1-turi doirasida AQSh hamda Paragvay terma jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. Uchrashuvda amerikaliklar ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin kutilmaganda Paragvay terma jamoasi uchun omadsiz senariy asosida boshlandi. Uchrashuvning 7-daqiqasidayoq paragvayliklar vakili Damyan Bobadilya o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘ydi va hisob ochildi.
Shundan so‘ng ustunlikni o‘z qo‘liga olgan AQSh futbolchilari hujumkorlikni oshirdi. Natijada 31-daqiqada Folarin Balogun hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirgan bo‘lsa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 45+5-daqiqada u o‘zining ikkinchi, jamoasining uchinchi golini kiritib, dubl qayd etdi. 73-daqiqada Paragvay hisobni qisqartirdi. Tezkor qarshi hujumni Mauritsio golga aylantirdi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Jovanni Reyna o‘yinga nuqta qo‘ydi, yakuniy hisob – 4:1.
Shavkat Mirziyoyev Armaniston bosh vazirini tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida uning partiyasi g‘alaba qozongani munosabati bilan qutlov yo‘lladi.
Tabrik matnida saylov natijalari arman xalqining Nikol Pashinyan yuritayotgan siyosatga bo‘lgan yuksak ishonchining ifodasi ekanligi ta’kidlangan. Xususan, Janubiy Kavkazda tinchlik va farovonlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan. Shuningdek, davlat rahbari o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga ishonch bildirgan.
AQSh Adliya vazirligi Paramount va Warner Bros. Discovery birlashuvini ma’qulladi

AQSh Adliya vazirligining monopoliyaga qarshi bo‘limi Paramount va Warner Bros. Discovery kompaniyalarining $111 mlrd lik birlashuvi raqobat hamda iste’molchilarga zarar yetkazmaydi degan xulosaga kelib, bitimni tasdiqladi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Agar kelishuv barcha bosqichlardan o‘tsa, CBS News, CNN, HBO, Warner Bros., Paramount va boshqa yirik mediaaktivlar yagona «xolding» tarkibiga kiradi. Sanoat vakillari bu holat kinostudiyalar sonining qisqarishi, yangiliklar tahririyatlarining birlashishi va ommaviy ishdan bo‘shatishlarga olib kelishidan xavotirda.
AQShda Angliya terma jamoasining buyumlari o‘g‘irlab ketildi

Kanzas-Siti shahrida Jahon chempionati o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan Angliya terma jamoasining ko‘plab sport anjomlari o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar bermoqda. Xabarlarga ko‘ra, o‘g‘irlangan buyumlar orasida futbolchilarning butsalari, mashg‘ulot liboslari, murabbiylar shtabi anjomlari, to‘plar va o‘yin kuni kiyiladigan formalar bor. Voqea jamoaning anjomlari tushirilgan furgondan yo‘qolgani aniqlangach fosh bo‘lgan.
BMW yangi M Concept Neue Klasse elektromobilini taqdim etdi

Germaniyaning BMW kompaniyasi yuqori unumdorlikka ega to‘liq elektrlashtirilgan BMW M Concept Neue Klasse avtomobilini ommaga namoyish etdi. Konseptning asosiy g‘oyasi aerodinamika va funksionallikni birlashtirishga qaratilgan. Avtomobilning old qismida brendga xos «akulaburun» shakli qayta ishlangan bo‘lib, uch qismli bamper va sport uslubidagi sariq rangli faralar o‘rnatilgan. Shuningdek, havo qarshiligini kamaytirish maqsadida kapotda V shaklidagi havo qabul qilgich va avtosportdan ilhomlanib yaratilgan maxsus yon ko‘zgular qo‘llanilgan.
O‘zbekistonda avokado importi 46,6 foizga o‘sdi

O‘zbekistonga 2026-yilning yanvar – aprel oylarida 12 ta xorijiy davlatdan qiymati $313 ming bo‘lgan jami 155,8 tonna avokado import qilindi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Mamlakatga avokado olib kirish hajmi 2025-yilning mos davri bilan solishtirilganda 49,5 tonnaga oshgan. Mazkur davrda O‘zbekistonga eng ko‘p avokado yetkazib bergan davlat Qozog‘iston bo‘lib, uning hissasi 74,8 tonnani tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarni Xitoy (26,5 tonna) va Isroil (12,4 tonna) band etgan.