Putin va Tramp telefon orqali Ukraina va Eron masalasini muhokama qildi

Vladimir Putin va Donald Tramp 14-iyun kuni telefon orqali muloqot qildi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, suhbat 55 daqiqa davom etgan.
Muloqot davomida tomonlar ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro vaziyat, Ukrainadagi urush hamda Yaqin Sharqdagi holatni muhokama qilgan.
Ushakovga ko‘ra, Tramp suhbat davomida Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatish tarafdori ekanini yana bir bor bildirgan. U Kiyev hamda AQShning yevropalik hamkorlariga ta’sir o‘tkazishga tayyorligini aytgan.
Putin esa Trampga Kiyevning Rossiyadagi tinch infratuzilmaga zarba berishga urinishlari frontdagi vaziyatni o‘zgartirmasligini bildirgan. Shuningdek, u Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchrashuv istasa, Moskvaga kelishi mumkinligini aytgan.
Suhbat chog‘ida tomonlar AQSh vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner yaqin vaqt ichida yana Rossiyaga borishi bo‘yicha kelishib olgan.
Putin, shuningdek, Melaniya Trampning rossiyalik va ukrainalik bolalarni oilalari bilan birlashtirishdagi rolini yuqori baholagan. Ushakovning aytishicha, Rossiya prezidenti bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni ijobiy baholagan.
Yaqin Sharq muhokamasi
Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokamasida AQSh va Eron o‘rtasida tayyorlanayotgan memorandum ham tilga olingan. Tramp Putinga Vashington va Tehron o‘rtasidagi kelishuv yaqin ekanini hamda u bugunoq e’lon qilinishi mumkinligini bildirgan.
Putin esa AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyat butun mintaqani keskinlashtirib yuborishi mumkin bo‘lganini, biroq hozir bu mojaroning oldi olinayotganidan mamnun ekanini aytgan.
Suhbat davomida Tramp Putinning tug‘ilgan kuni munosabati bilan yo‘llagan tabriklaridan ta’sirlanganini bildirgan. U Rossiya prezidenti bugun unga qo‘ng‘iroq qilgan birinchi xorijiy yetakchi bo‘lganini aytib, minnatdorlik bildirgan.
Ushakov Putin Trampning 80 yilligi munosabati bilan unga sovg‘a yubormaganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri AQSh va Eron yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga yaqin turgani haqida yozgan edi.