Davlat narkojinoyatlarga qarshi qaqshatqich kurash e’lon qildi — Saida Mirziyoyeva

Prezident tomonidan narkotik vositalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun qabul qilindi. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, yangi qonun bilan ilgari qonunchilikda alohida belgilanmagan bir qator xavfli qilmishlar uchun javobgarlik joriy etildi. Jumladan, yashirin narkolaboratoriyalar va bangixonalar tashkil etish, narkojinoyatlarga homiylik qilish, narkotiklarni transmilliy yo‘l bilan yoki internet orqali tarqatish kabi jinoyatlar uchun og‘ir jazo choralari belgilanmoqda.
Endilikda bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Uyushgan narkojinoyatchilik uchun jazo choralari esa qariyb ikki baravar og‘irlashtirildi.
Saida Mirziyoyevaning qayd etishicha, avvallari narkojinoyat sodir qilgan ayrim shaxslar qisqa muddat ichida ozodlikka chiqib, jinoiy faoliyatini davom ettirgan holatlar uchragan. Yangi qonunga ko‘ra, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslar muddatidan oldin ozodlikka chiqarilmaydi va belgilangan jazoni to‘liq o‘taydi.
Qonunda voyaga yetmaganlarni narkotik iste’mol qilishga undash ham og‘ir jinoyat sifatida baholanishi belgilangan. Bunday qilmish uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.
Shuningdek, ta’lim muassasalari, maktablar, talabalar yotoqxonalari va bolalar oromgohlarida voyaga yetmaganlarni narkojinoyatlarga jalb qilgan shaxslar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Prezident administratsiyasi rahbari ushbu hujjat faqat jinoyatchilarni jazolashga emas, balki xalq salomatligi, millat genofondi va yoshlar kelajagini himoya qilishga qaratilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Prezident Administratsiyasi qoshida narkotiklarga qarshi respublika maxsus ishchi guruhi faoliyat yuritmoqda. Guruh tomonidan narkolaboratoriyalar va uyushgan narkojinoiy guruhlarni aniqlash hamda yo‘q qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri narkolaboratoriya tashkil etganlik uchun alohida javobgarlik belgilanishi haqida yozgan edi.