15-iyun kuni O‘zbekistonda havo harorati 38 darajagacha ko‘tariladi

15-iyun kuni O‘zbekistonning aksariyat hududlarida quruq va issiq ob-havo saqlanib qoladi. «O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, kun davomida havo harorati 33–38 darajagacha ko‘tariladi.
Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatida, kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Kechki soatlarda esa Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ham yomg‘ir ehtimoli bor.
Shamol tezligi 7–12 metr soniyani tashkil etadi, ayrim joylarda esa 13–18 metr soniyagacha kuchayib, chang-to‘zonlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Toshkent shahrida havo harorati 36–38 daraja atrofida bo‘ladi. Kechga yaqin qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.
Tog‘li va tog‘oldi hududlarda ham ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassislar ushbu hududlarda sel va suv toshqini xavfi mavjudligi haqida ogohlantirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 13 – 15-iyun kunlari 9 ta viloyatda sel xavfi e’lon qilingani haqida yozgandi.