
O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi raqibi — Kongo DR AQShga leopard dizaynidagi kiyimda tashrif buyurdi.
Kongo futbolchilari AQShning Xyuston shahridagi aeroportda qora rangli kostyumlar, leopard naqshli elementlar, leopard shaklidagi broshlar va shu uslubdagi sumkalar bilan ko‘rinish berdi. Jamoaning aeroportga kelgani aks etgan videolar qisqa vaqt ichida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va millionlab tomosha yig‘di.
Internet foydalanuvchilari Kongo terma jamoasining obrazini iliq kutib oldi. Izohlarda futbolchilar «uslub qirollari» deb atalmoqda, ayrimlar esa ularning chiqishini jahon chempionatlari tarixidagi eng yorqin jamoaviy ko‘rinishlardan biri sifatida baholamoqda. Ba’zi muxlislar Kongo futbolchilarini «Qora pantera» filmi qahramonlariga qiyoslagan.
Muxlislarni, ayniqsa, liboslarning oddiy moda tajribasi emas, balki madaniy ma’noga ega ekani hayratlantirdi. Ushbu obraz 1970-yillarda Kinshasada ommalashgan uslubdan ilhomlangan. Shu orqali futbolchilar o‘z madaniyati, milliy o‘ziga xosligi va tarixiy merosiga urg‘u bermoqchi bo‘lgan.
DR Kongo uchun bu jahon chempionati tarixiy ahamiyatga ega. Terma jamoa 52 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor mundialda ishtirok etmoqda. Mamlakat so‘nggi marta 1974-yilda, o‘sha paytdagi Zair nomi bilan jahon chempionatida qatnashgan.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning ilk o‘yinini angliyalik hakam boshqarishi haqida yozgan edi.