Namanganda ta’lim tizimi xodimlari pora bilan ushlandi

eʼlon qilindi
Hozirda har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Namanganda ta’lim tizimi xodimlari pora bilan ushlandi
Foto: DXX

Namangan viloyatida ta’lim tizimida ishlovchi mansabdor shaxslar bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Namangan shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga $10 ming talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs so‘ralgan pulning $8,5 mingni o‘z xizmat xonasida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Aniqlanishicha, ushbu shaxs 2011-yilda sudlangan.

Shunga qaramay, u avvalgi sudlanganligidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagani qayd etildi. Boshqa holatda esa Namangan shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi davlat-xususiy sheriklik asosida ikkita maktabgacha ta’lim tashkiloti ochmoqchi bo‘lgan tadbirkordan $2 ming olgan vaqtida ushlangan.

U tadbirkorga mansabdor tanishlari orqali tegishli tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limida zarur shartnomalarni tasdiqlatib berishni va’da qilgan. Tezkor tadbir davom ettirilganda, mazkur pul mablag‘ini olgan Davlatobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisining noqonuniy harakatlariga ham chek qo‘yilgan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek