O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 7,9 foizga o‘sadi — YTB asosiy omillarni ma’lum qildi

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YTB)ning Mamlakatlar tahlili markazi katta tahlilchisi Aygul Berdigulovaning ma’lum qilishicha, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,9 foizga o‘sishi kutilmoqda.
«Bu ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori natija bo‘lib, faqat 2021-yildagi pandemiyadan keyingi tiklanish davridan keyingi o‘rinda turadi», – ma’lum qiladi mutaxassis.
Prognozlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sishni investitsiya faolligining yuqori darajada saqlanib qolishi, oltin narxlarining qimmatligi va aholi daromadlarining o‘sishi qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, investitsiya siyosati hamda xomashyo bo‘lmagan mahsulotlar eksportining kengayishi yalpi ichki mahsulot o‘sishining asosiy omillari sifatida qayd etilgan.
Tahlilchining fikricha, joriy yilda inflyatsion bosim pasayadi. Bunga nisbatan mo‘tadil pul-kredit siyosati va milliy valyutaning mustahkamlanishi ta’sir ko‘rsatadi. Natijada import mahsulotlari narxining o‘sishi sekinlashadi.
Shu bilan birga, kuchli iste’mol talabi va jahon bozorlarida xomashyo narxlarining oshishi inflyatsiyani rag‘batlantiruvchi omillar sifatida baholanmoqda. YTB prognoziga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekistonda inflyatsiya 6,8 foizni tashkil etadi, 2027 – 2028-yillarda esa mazkur ko‘rsatkich 5,5 foizgacha pasayadi.
Bank mutaxassislari yil yakuniga qadar asosiy stavka 13,5 foizgacha tushirilishini ham kutmoqda. Bu prognoz mamlakatda inflyatsiyaning barqaror pasayishi va narxlar o‘sishi bo‘yicha kutilmalarning kamayishi bilan izohlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fitch O‘zbekistonning suveren kredit reytingi prognozini «barqaror»dan «ijobiy»ga yaxshilagan edi.