Toshkent va Samarqand viloyatlarida narkotik moddalar musodara qilindi

Toshkent va Samarqand viloyatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Toshkent viloyatining Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Jinoyat kodeksining 246-moddasi — kontrabanda hamda 273-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 2025-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 1992-yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi.
Shundan so‘ng u tomonidan ijaraga olingan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv davomida xonadon oshxonasidagi muzlatgich ichidan 151 gramm opiy, hojatxona shaxtasi ichidan esa 4 kilogramm 971 gramm gashish moddasi topildi.
Aniqlanishicha, mazkur narkotik moddalar qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan. Hozirda gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Samarqand viloyatining Urgut tumanida ham tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda 2003-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro shartli xaridorga 932 gramm gashish va 2,5 gramm opiy moddalarini $10 ming evaziga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Namanganda ta’lim tizimi xodimlari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.