
Samsung kelajakdagi Samsung Galaxy S27 smartfonlarida Xitoyning BOE kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan OLED ekranlardan foydalanishi mumkin.
ETNews ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung mobil bo‘linmasi rahbari Ti Mun Ro oyning oxirida Xitoyga tashrif buyurib, BOE vakillari bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Uchrashuvda smartfonlar va televizorlar uchun displeylar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Galaxy S27 bo‘lishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, Samsung ushbu modelning bazaviy versiyasida BOE OLED panellaridan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Galaxy S27’ning taqdimoti kelasi yilning birinchi yarmida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Samsung allaqachon BOE’dan yangi ekranlarni ishlab chiqish bo‘yicha texnik ma’lumotlarni so‘ragani aytilmoqda. Bu esa kompaniya Xitoy ishlab chiqaruvchisini flagman qurilmalar uchun potensial yetkazib beruvchi sifatida jiddiy ko‘rib chiqayotganini ko‘rsatadi.
Hozirgacha Samsung o‘zining eng yuqori toifadagi smartfonlari uchun asosan Samsung Display panellaridan foydalanib kelgan. Xitoy ishlab chiqaruvchilari ekranlari esa ko‘proq o‘rta va quyi narx segmentidagi qurilmalarda qo‘llanilgan. Shu sababli BOE panellarining Galaxy S seriyasida paydo bo‘lishi Samsung kompaniyasining yetkazib beruvchilar siyosatida muhim o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri eng trenddagi 10 ta smartfon haqida yozgan edi.