Albaniya prezidenti O‘zbekistonda qanday kutib olindi — foto

Albaniya Respublikasi prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Bu haqda «O‘zA» agentligi xabar berdi.
Prezident Toshkent xalqaro aeroportida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov hamda boshqa rasmiylar tomonidan kutib olindi.

Tashrif davomida Toshkent shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, yashil energetika, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilishi kutilmoqda.
Tashrif dasturiga muvofiq, Albaniya prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
O‘zbekistonga qaysi rahbarlar tashrifi kutilmoqda
Bundan tashqari, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 17 – 18-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrif Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
Germaniya federal prezidenti mamlakatimizga rafiqasi hamrohligida keladi. Tashrif dasturiga muvofiq, ikki davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari o‘tkaziladi.