Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi

Indoneziyada 6,7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda AQSh Geologik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila epitsentri Indoneziyaning Palu shahridan 43 kilometr janubi-sharqda joylashgan. Yer silkinishi 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.
Hozircha zilzila oqibatida qurbonlar, jabrlanganlar yoki moddiy zarar haqida ma’lumot berilmagan. Mutasaddi xizmatlar hududdagi vaziyatni o‘rganmoqda.

Indoneziya seysmik faol hududda joylashgan bo‘lib, mamlakatda kuchli yer silkinishlari tez-tez kuzatiladi. Bunga sabab Indoneziyaning Tinch okeani «olov halqasi» deb ataluvchi tektonik faol mintaqada joylashganidir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Indoneziyada poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida 14 kishi qurbon bo‘lgani haqida yozgan edi.
Indoneziya davlat temir yo‘l kompaniyasi (PT KAI) rahbari Bobbi Rasyidinning ta’kidlashicha, dastlab shahar atrofida harakatlanuvchi poyezd temir yo‘ldagi taksi bilan to‘qnashgan, so‘ngra unga uzoq masofaga qatnovchi poyezd kelib urilgan.