Albaniya prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi — foto

16-iyun kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Albaniya prezidenti Bayram Begayni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qarorgoh oldidagi maydonda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Albaniya prezidentini samimiy kutib olib, uni shohsupaga taklif qildi.


Marosim davomida harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Albaniya davlat madhiyalari yangradi. Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdi.
Rasmiy kutib olish marosimi yakunida prezidentlar birgalikda suratga tushdi. Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.

Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda boshqa ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Albaniya prezidenti O‘zbekistonda qanday kutib olingani haqida yozgan edi.