O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin

O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokarada ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar avvalida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Tomonlar so‘nggi vaqtlarda siyosiy muloqot hamda turli darajadagi aloqalar faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston va Albaniya BMT hamda boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, agrosanoat majmui, «yashil» energetika, geologiya, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, turizm hamda boshqa muhim yo‘nalishlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash muhokama qilindi.
Tomonlar iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirish zarurligini ham qayd etdi. Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida Hukumatlararo komissiya tashkil etishga kelishib olindi. Komissiyaning birinchi yig‘ilishi joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Albaniya rahbari qanday kutib olingani haqida yozgan edik.