Muddati o‘tgan mahsulotlar savdosiga jarimalar oshirilishi rejalashtirilmoqda

Savdo nuqtalarida muddati o‘tgan yoki yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan mahsulotlarni sotish holatlariga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqdagi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlandi.
Unga ko‘ra, bu o‘zgarishlar aholining sog‘lig‘ini himoya qilish va bozorda sifat nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Asosiy o‘zgartirishlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasiga tegishli bo‘lib, unda savdo qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorlarini oshirish nazarda tutilgan.
Amaldagi tartibga muvofiq, bunday qoidabuzarliklar uchun fuqarolarga 3 – 10 BHM, mansabdor shaxslarga esa 7 – 10 BHM miqdorida jarima qo‘llaniladi. Takroriy huquqbuzarliklar sodir etilganda esa jazolar yanada og‘irlashtiriladi.
Yangi tashabbus kuchga kirsa, muddati o‘tgan mahsulotlarni sotgan shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar sezilarli darajada oshirilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, noqonuniy mahsulotlarni musodara qilish amaliyoti ham o‘z kuchida qoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan JSST xavfli oziq-ovqat sabab yiliga 1,5 mln kishi vafot etishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.