Elchixona Isroilga boruvchilarni bojxona qoidalaridan ogohlantirdi

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolardan Isroilga kirish va mamlakatdan chiqishda bojxona qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
Ma’lum qilinishicha, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, oziq-ovqat va boshqa tovarlarni olib kirish yoki olib chiqishda belgilangan me’yor va cheklovlar mavjud.
Taqiqlangan mahsulotlarni olib kirish yoki olib chiqish, shuningdek, ruxsat etilgan miqdordan ortiq tovar tashish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Elchixona fuqarolarga boshqa shaxslarning iltimosi bilan yoki pul, sovg‘a va boshqa mukofot evaziga ularga tegishli buyumlar, yuklar, dorilar, hujjatlar yoki boshqa predmetlarni olib o‘tmaslikni tavsiya qildi. Bunday holatda yuk ichidagi narsalar uchun javobgarlik uni tashiyotgan shaxs zimmasiga tushishi mumkin.
Safar oldidan olib ketilayotgan mahsulot va buyumlarga nisbatan amaldagi talab hamda cheklovlar bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi.
Elchixona qonunchilikka rioya qilish safarning xavfsiz va muammosiz o‘tishiga xizmat qilishini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elchixona Isroildagi fuqarolarni xavfsizlik vaziyati keskinlashishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Elchixona fuqarolarni Isroil Front orti qo‘mondonligi ko‘rsatmalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Xavfsizlik maqsadida fuqarolar himoyalangan joylarga yaqin hududda bo‘lishi kerak. Havo hujumi haqida signal berilsa yoki sirena eshitilsa, darhol himoyalangan joyga kirish lozim.