Yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni rasmiylashtirish muddati qisqardi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirish muddati 150 kundan 50 kunga qisqartiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Huquqlarni rasmiylashtirish jarayoni qisqardi
2026-yil 15-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1153-sonli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi. Hujjat yer va unda qurilgan mulkka oid huquqlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish hamda amaliyotda yagona va izchil tartibni ta’minlashga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, soliq qarzdorligi tushunchasi aniqlashtirildi. Endilikda qarzdorlik miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan oshmagan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan huquqlarni e’tirof etish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, mazkur jarayon uchun belgilangan muddat amaldagi 150 kundan 50 kungacha qisqartirilmoqda.
To‘lovlar uchun chegirma va bo‘lib to‘lash
Yangi tartibga asosan, bir martalik to‘lovning 50 foizi belgilangan muddatda, ya’ni 20 ish kuni ichida to‘liq to‘langan taqdirda, uning qolgan qismiga chegirma qo‘llaniladi. Mablag‘ni bir yo‘la to‘lash imkoniyati bo‘lmagan fuqarolar esa soliq inspeksiyasi bilan shartnoma tuzish orqali to‘lovni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lib-bo‘lib amalga oshirishi mumkin.
Yer uchastkalari bo‘yicha yangi tartiblar
Ortiqcha egallangan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish mexanizmi takomillashtirildi. Xalq deputatlari kengashlari qarorlari huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, 2020-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-iyungacha yer uchastkalari uchun oshirilgan stavkada hisoblangan soliqlar jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi. Yer uchastkasining qurilish taqiqlangan hududga to‘g‘ri kelgan qismi chiqarib tashlanib, qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish tartibi joriy qilinadi.
Sudgacha hal etish mexanizmi
Fuqarolarning vaqt va mablag‘larini tejash maqsadida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish mexanizmi joriy etildi. Bundan tashqari, bino va inshootlarning xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish bo‘yicha tuman va shahar hokimliklariga ham mas’uliyat yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ulushli uy-joy qurilishida eskrou tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.