Nvidia besh yil ichida ilk bor obligatsiya joylashtirib, 25 mlrd dollar jalb qiladi

Nvidia AQShda korporativ obligatsiyalar joylashtirish orqali $25 mlrd jalb qiladi. Reuters manbalariga ko‘ra, kompaniya avvaliga $20 mlrd jalb etishni rejalashtirgan, biroq investorlar talabi yuqori bo‘lgani sabab hajm oshirilgan.
Bu Nvidia uchun sun’iy intellektdan keyingi ilk yirik qarz bozoriga chiqish hisoblanadi. Kompaniya so‘nggi marta 2021-yil iyun oyida obligatsiyalar orqali $5 mlrd jalb qilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi obligatsiyalar yetti transhdan iborat bo‘ladi. Ularning so‘ndirish muddati 2056-yilgacha davom etadi.
Investorlar tomonidan talab $85 mlrdga yetgan. Bu taklif hajmidan uch baravardan ko‘proq. Manbalardan biri bu qaror bozor uchun kutilmagan bo‘lganini aytgan.
Nvidia vakili mablag‘lar umumkorporativ maqsadlar, jumladan, mavjud qarzlarni to‘lash va qayta moliyalashtirish uchun ishlatilishini bildirgan.
Shu bilan birga, bu obligatsiya chiqarilishi kompaniyaning kapital xarajatlarini moliyalashtirishdan ko‘ra, kelajakdagi qarzlar uchun bozor mezonini shakllantirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin.
Aprel oyi oxirida Nvidia balansida $13,24 mlrd naqd pul va uning ekvivalentlari bo‘lgan. Kompaniyaning uzoq muddatli qarzi qariyb $7,5 mlrd, qisqa muddatli qarzi esa taxminan $1 mlrdni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, Nvidia aksiyadorlarga katta miqdorda kapital qaytarishda davom etmoqda. So‘nggi chorakda kompaniyaning erkin pul oqimi $49 mlrdga yetgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $35 mlrd edi.
Kompaniya choraklik dividendni bir aksiya uchun 1 sentdan 25 sentga oshirdi. Shuningdek, $80 mlrdlik aksiyalarni qayta sotib olish dasturini e’lon qildi.
Nvidia qarz bozoriga chiqish orqali sun’iy intellekt infratuzilmasiga katta mablag‘ yo‘naltirayotgan texnologik kompaniyalar qatoriga qo‘shildi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, yirik texnologik kompaniyalarning sun’iy intellektga umumiy xarajatlari bu yil $700 mlrddan oshishi kutilmoqda. 2025-yilda bu ko‘rsatkich taxminan $400 mlrd bo‘lgan.
Nvidia esa sun’iy intellekt chiplari bozoridagi yetakchiligini saqlab qolish uchun yangi avlod protsessorlarini ishlab chiqishga faol sarmoya kiritmoqda. Kompaniya endilikda har yili yangi chiplar oilasini taqdim etayotir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia kompaniyasining kapitali $5 trlndan oshgani xabar qilingandi. Bu ko‘rsatkich oxirgi bor 2025-yil noyabr boshida qayd etilgan edi. Shundan beri kompaniya qiymati bu darajadan pastda qolayotgan edi. O‘sishga Intel va Texas Instruments kuchli moliyaviy natijalari turtki berdi. Investorlar butun chip ishlab chiqaruvchilar sektoriga faol qayta kira boshladi.