O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini tomosha qiladigan manzillar va Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi — 16-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar

O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini tomosha qiladigan manzillar va Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi — 16-iyun kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Belgiya Lukakuning harakatlari evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi

Jahon chempionati guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan Belgiya hamda Misr terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 20-daqiqasida Muhammad Salohning uzatmasidan so‘ng Emam Ashur Belgiya darvozasini ishg‘ol qilib, Misrni oldinga olib chiqdi.
Urugvay Saudiya Arabistoni bilan durang o‘ynadi

Jahon chempionati guruh bosqichining 1-turida Saudiya Arabistoni hamda Urugvay 1:1 hisobida durang o‘ynadi. «H» guruhidagi bahsda ikkala jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldi.
Uchrashuvning 41-daqiqasida saudiya arabistonlik himoyachi Abdulloh Al-Amri raqib darvozasini nishonga olib, hisobni ochdi. Al-Amri ushbu vaziyatdan biroz o‘tib, 44-daqiqada hakam tomonidan sariq kartochka bilan ogohlantirildi.
JCh – 2026: Eron va Yangi Zelandiya durang o‘ynadi

JCH – 2026 guruh bosqichida Eron va Yangi Zelandiya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobida yakunlandi. «G» guruh doirasidagi bahs AQShning Los-Anjeles shahri yaqinidagi Inglvudda joylashgan SoFi stadionida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv Yangi Zelandiya uchun juda muvaffaqiyatli boshlandi. O‘yinning 7-daqiqasida Elayja Jast hisobni ochdi. Hujum davomida Kris Vud to‘pni yaxshi ushlab turib, sherigiga qulay vaziyat yaratdi. Jast esa zarbani aniq amalga oshirib, Yangi Zelandiyani oldinga olib chiqdi.
O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin

O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokarada ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar avvalida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Dollar oshdi: 17-iyun uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

17-iyun uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 32,29 so‘mga oshib, 12 012,12 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 30,27 so‘mga oshib, 13 935,26 so‘mni, rubl esa 1,13 so‘mga oshib, 166,12 so‘mni tashkil etdi.
JCh – 2026: Toshkentda O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini qayerda tomosha qilish mumkin

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki munosabati bilan Toshkent shahrining barcha tumanlarida maxsus tomosha maydonlari tashkil etiladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Fan-zonalar Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yangihayot va Yashnobod tumanlaridagi bog‘lar, xiyobonlar hamda sport majmualarida tashkil etiladi. Mazkur hududlarda muxlislar uchun qulay sharoitlar yaratilib, o‘yinlar katta ekranlarda namoyish qilinadi.
MB eng yomon ishlayotgan banklar reytingini ochiqlaydi

O‘zbekiston Markaziy banki endilikda fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida banklar faoliyatini baholab, eng past ko‘rsatkichga ega moliyaviy tashkilotlarni ommaga e’lon qilib borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 13-iyun kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, buning uchun maxsus indeks ishlab chiqilgan bo‘lib, u banklarning mijozlar shikoyatlariga qay darajada tez va samarali javob berishini baholaydi. Yaqin kunlarda ushbu tizim asosida eng yomon natija ko‘rsatgan banklar ro‘yxati ham e’lon qilinishi kutilmoqda.
Eski shahardagi davlat mulki 68 mlrd so‘mdan auksionga qo‘yildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan davlat mulkini elektron auksion orqali sotuvga chiqardi. Bu haqda E-auksion saytida ma’lum qilindi.
Ushbu bino Chorsu bozori va «Jar» sport majmuasi yaqinida joylashgan, hozirda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi faoliyat yuritayotgan bino hisoblanadi. Lot tarkibiga umumiy maydoni 5155 kvadrat metr bo‘lgan bino hamda 0,54 gektar yer uchastkasi kiritilgan. Obyektda suv, gaz va elektr ta’minoti mavjud.
O‘zbekistonda Germaniya amaliy fanlar universiteti tashkil etiladi

O‘zbekistonda Germaniya amaliy fanlar universiteti tashkil etiladi. Germaniyada O‘zbekiston va Germaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida bir qator kelishuvlar imzolandi, deya xabar berdi «Dunyo».
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ikki davlat oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikka bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi.
O‘zbekiston endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermaydi

O‘zbekiston hukumati endi «arzon olib, qimmat sotadigan» investorlarga yo‘l bermaydi. Bu mavzu 16-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Korporativ boshqaruvning kelajagi» mavzusidagi panel sessiyasida muhokama qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston endi faqat qisqa muddatli foyda izlaydigan investorlar uchun maydon bo‘lib qolmasligi ta’kidlandi. Mamlakat yirik sarmoyadorlarga uzoq muddatli, ikki tomonlama manfaatli va mas’uliyatga asoslangan hamkorlikni taklif qilmoqda.
O‘zbekistonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish loyihasiga start berildi

Toshkent shahrida gumanoid robotlar va ularning komponentlarini ishlab chiqarishga qaratilgan yirik investitsiya loyihasining qurilishiga start berildi. Bu haqda «O‘zeltexsanoat» uyushmasi ma’lum qildi.
«Yangi Avlod» maxsus sanoat zonasida «O‘zeltexsanoat» uyushmasi tashabbusi bilan Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha uchun tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishildi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston va AQSh moliyaviy institutlari Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shavkat Mirziyoyev AQSh Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida AQSh vakillari davlat rahbariga prezident Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Muzokaralar chog‘ida infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishlaridagi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.