Mas’uliyatli biznes arzonroq sarmoya jalb qilishga yordam beradi

Mas’uliyatli biznes arzonroq sarmoya jalb qilishga yordam beradi. Bu haqda 16-iyun kuni V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi «Mas’uliyatli biznes yuritish: OECD standartlari va investitsiya jozibadorligi» mavzusida panel sessiyasida muhokama qilindi.
Unda ta’kidlanishicha, bugungi kunda yirik xalqaro kapitalni jalb qilishda faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar yetarli emas. Investorlar mamlakatda biznes qanday yuritilishi, kompaniyalar qanchalik shaffof ishlashi, mehnat huquqlari, ekologiya va korporativ boshqaruv talablariga qanday amal qilinishiga ham e’tibor qaratmoqda.
Shu sababli OECD standartlari va mas’uliyatli biznes yuritish tamoyillari xalqaro investitsiyalar uchun muhim mezonga aylanmoqda.
O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Investitsiya muhit va reytinglar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Tengiz Asanovning qayd etishicha, mamlakat investitsiya maydonidagi mavqeini mustahkamlashda mas’uliyatli biznes yuritish va OECD standartlarini tizimli joriy etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
ESG va mas’uliyatli biznes talablari chetlab o‘tilmaydi
Koreya respublikasining Mas’uliyatli biznes yuritish bo‘yicha milliy aloqa nuqtasi vakili Ji Heon Ohning aytishicha, ilgari ESG va mas’uliyatli biznes yuritish talablari ayrim kompaniyalar uchun qo‘shimcha yukdek ko‘rilgan. Ammo bugun vaziyat o‘zgargan.
«ESG va mas’uliyatli biznes yuritish to‘lqini allaqachon ostonamizda turibdi va endi bu talablarni chetlab o‘tib bo‘lmaydi», dedi u.
Ji Heon Oh Milliy aloqa nuqtasi mexanizmi investorlar ishonchini oshirishda muhim vosita ekanini ham ta’kidladi.
Mas’uliyatli biznes arzonroq sarmoya jalb qilishga yordam beradi
Crowe Uzbekistan xalqaro auditorlik firmasi boshqaruvchi hamkori Vera Bell mas’uliyatli biznes yuritish tamoyillari mahalliy kompaniyalar uchun amaliy foyda berishini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday standartlar kompaniyalarning investitsion jozibadorligini oshiradi va ularga arzonroq sarmoya jalb qilish imkonini beradi.
Bell yangi buxgalteriya standartlari kuchga kirishi bilan mas’uliyatli biznes tamoyillari faqat hujjatlarda emas, balki moliyaviy hisobotlardagi real raqamlarda ham aks etishi kerakligini qayd etdi.
U bu jarayonni navbatdagi tekshiruv sifatida emas, balki mahalliy biznes uchun xalqaro kompaniyalar bilan ishlash va yangi investitsiyalar jalb qilish imkoniyati sifatida baholadi.
Shuningdek, Air Products & Chemicals, Inc. kompaniyasining tijorat bo‘yicha bosh menejeri Kirill Korotkov O‘zbekistondagi investitsion muhitga ijobiy baho berdi.
Uning aytishicha, agar O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit qulay bo‘lmaganida, kompaniya bu yerda olti yildan beri faoliyat yuritib, uzoq muddatli strategik sarmoya kiritmagan bo‘lardi.
Korotkov kompaniya O‘zbekistonda mas’uliyatli biznes yuritish va OECD standartlariga amal qilishni kundalik ish tartibiga aylantirganini aytdi.
U jamoatchilik uchun ochiq Xavfsizlik akademiyasi yo‘lga qo‘yilgani, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan ekologik loyiha boshlanganini va shartnomalarga korrupsiyaga qarshi qat’iy talablar kiritilganini misol sifatida keltirdi.