Ayollarning biznesdagi teng imkoniyatlari jahon iqtisodiyotini 6 trillion dollarga oshirishi mumkin — ekspert

eʼlon qilindi
O‘zbekistonda tadbirkorlarning qariyb 40 foizini ayollar tashkil etsa-da, ularga ajratilayotgan kreditlar ulushi atigi 14 foizni tashkil etadi
Ayollarning biznesdagi teng imkoniyatlari jahon iqtisodiyotini 6 trillion dollarga oshirishi mumkin / Foto: ISSV

Ayollar erkaklar bilan bir xil sur’atda biznes boshlash va uni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘lganida, jahon iqtisodiyoti qariyb 6 trillion dollarga o‘sgan bo‘lardi. Bu haqda Xalqaro moliya korporatsiyasining mintaqaviy sanoat direktori Momina Aijaziddin Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan «Biznesda ayollar: gender inklyuziv o‘sishning iqtisodiy asoslari» mavzuidagi panel sessiyada ma’lum qildi.

16-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sessiyada davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, rivojlanish tashkilotlari va xususiy sektor vakillari ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashning iqtisodiy samaralari va muammolarni muhokama qildi. Tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda tadbirkorlarning qariyb 40 foizini ayollar ekaniga qaramay, ajratilayotgan kreditlar ulushi atigi 14 foizni tashkil etayotganini qayd etdi. Bu holat ayollar tadbirkorligi rivojlanishidagi asosiy to‘siqlardan biri sifatida baholandi.

Sessiyada so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova hamda Katalin Novak ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish barqaror rivojlanish va raqobatbardosh iqtisodiyotning muhim omillaridan biri ekanini ta’kidladi. Ularning fikricha, ayollarning biznes, boshqaruv va innovatsiyalardagi ishtirokini kengaytirish yangi ish o‘rinlari yaratish va mamlakatlarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solishga xizmat qiladi.

Foto: ISSV

Momina Aijaziddinning ta’kidlashicha, rivojlanayotgan bozorlarga yo‘naltirilayotgan har $100 lik investitsiyaning atigi $19 qismi ayollarga to‘g‘ri keladi. Ekspert buni hali ishga solinmagan iqtisodiy salohiyat deb baholadi. Uning qayd etishicha, ayollar boshqarayotgan bizneslar kredit intizomi bo‘yicha yuqori natijalarni ko‘rsatishiga qaramay, moliyalashtirish imkoniyatlari hanuz cheklangan. Shu bois XMKning «Banking on Women» tashabbusi doirasida dunyo bo‘ylab ayollar boshqarayotgan kichik hamda o‘rta bizneslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb $13 mlrd safarbar qilingan.

«Bugungi kunda ayollar mamlakatdagi tadbirkorlarning qariyb 40 foizini tashkil etadi. Biroq ularga ajratilayotgan kreditlar ulushi atigi 14 foiz. Bu yo‘nalishda hali katta tafovut mavjud. Endi masala moliya mavjud yoki mavjud emasligida emas. Asosiy vazifa ayollar boshqarayotgan bizneslarning o‘sishi va kengayishi uchun zarur sharoitlarni yaratishdir», – dedi Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Shuningdek, u OTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan qator dasturlarda qarz oluvchilarning kamida 30 foizi ayollar bo‘lishi belgilanganini ma’lum qildi.

Foto: ISSV

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ayollarning iqtisodiy faolligini oshirishda ijtimoiy infratuzilmaning o‘rni muhim ekaniga e’tibor qaratdi.

«Bizning tadqiqotlarimiz shuni ko‘rsatadiki, bitta yangi davlat bog‘chasining tashkil etilishi qo‘shimcha 23 nafar ayolning mehnat bozoriga kirishiga imkon yaratadi. Demak, bog‘chalarga kiritilgan investitsiyalar nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy samara ham beradi», – dedi u.

Shuningdek, Akiko Fujii ayollar uchun texnologiyalar, innovatsiyalar va STEM yo‘nalishlaridagi imkoniyatlarni kengaytirish zarurligini ta’kidlab, dunyoning biror mamlakati barcha sohada to‘liq gender tengligiga erishmaganini qayd etdi.

Sessiya yakunida ishtirokchilar ayol tadbirkorlarni moliyalashtirishdagi tafovutni qisqartirish, institutsional qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish va ayollar boshqarayotgan bizneslarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish O‘zbekiston va butun mintaqada barqaror iqtisodiy o‘sishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent dunyoda eng tez rivojlanayotgan shaharlar uchligiga kirgani haqida yozgan edik.

Shuningdek