
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Jaloliddin Masharipov tibbiy sabablarga ko‘ra Jahon chempionatini o‘tkazib yuboradi va uning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga Ruslanbek Jiyanov kiritildi. Bu haqda O‘FA ma’lum qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ishtirokini Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Jamoa a’zolari Atlanta shahrida rasmiy mashg‘ulotlarni o‘tkazib, u yerdan Mexiko shahriga yo‘l oladi.

Jaloliddin Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qolgani va mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok eta olmagani sababli tibbiy shtab nazoratida edi. Futbolchining tibbiy tekshiruv natijalari tahlili FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim qilingan.
Qo‘mita holatni o‘rganib chiqib, futbolchining turnirda qatnasha olmasligini rasman tasdiqladi. Yakuniy qarordan so‘ng murabbiylar shtabi uning o‘rnini Ruslanbek Jiyanov bilan to‘ldirishga qaror qildi.
Avvalroq Kursiv nashri Jaloliddin Masharipovning holati yuzasidan rasmiy bayonot berilgani haqida xabar bergan edi.