O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlariga talab kutilganidan yuqori — xalqaro vakil

eʼlon qilindi
Bugungi kunda jahon islomiy moliya bozori hajmi $3 trilliondan oshgan
O‘zbekistonda islom bankchiligi to‘g‘risidagi qonun 9-iyundan kuchga kiradi — MB vakili / Foto: ISSV

O‘zbekistonda islom moliyasi hali keng joriy etilmaganiga qaramay, islomiy bank xizmatlariga bo‘lgan talab yuqori darajada. Bu haqda V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan «Islomiy moliya va sukuk bozorlari: Fors ko‘rfazi kapitalini rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga yo‘naltirish» mavzuidagi panel sessiyasida so‘zga chiqqan SIF investitsiya fondi boshqaruvchi direktori Jan Cherim ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda jahon islomiy moliya bozori hajmi $3 trlndan oshgan. Ekspertlar sukuk qimmatli qog‘ozlari, takaful va shariat tamoyillariga mos boshqa moliyaviy vositalar orqali suveren kapitalni rivojlanayotgan iqtisodiyotlar infratuzilmasiga yo‘naltirish imkoniyatlarini tahlil qildi. Shuningdek, yashil va korporativ sukuklarga bo‘lgan institutsional talab ortib borayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirovning ma’lum qilishicha, mamlakatda islom moliyasini joriy etish uch bosqichda amalga oshirilmoqda. Dastlab nodavlat mikromoliya tashkilotlariga islomiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat berilgan bo‘lib, hozirda 12 ta shunday tashkilot faoliyat yuritmoqda. Ularning xizmatlari hajmi so‘nggi besh yil ichida besh baravarga oshib, $22 mlnga yetgan.

Foto: ISSV

Nosirovning ma’lum qilishicha, islom bankchiligi to‘g‘risidagi yangi qonun 9-iyundan kuchga kiradi. Ushbu hujjat to‘liq islom banklarini tashkil etish hamda an’anaviy banklar qoshida islom darchalarini ochish imkonini beradi. Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi bosqichda sukuk qimmatli qog‘ozlari uchun xalqaro standartlarga mos huquqiy baza yaratiladi.

«Aholining moliyaviy xizmatlar haqidagi xabardorligini oshirish bizning asosiy vazifalarimizdan biridir. Hozirda odamlar orasida «Islom moliyasi butunlay bepul» degan xato tushuncha mavjud bo‘lib, ular buni ijtimoiy yordam bilan adashtirishadi», – dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.

Sessiyada kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri ekani ham ta’kidlandi. SIF investitsiya fondi boshqaruvchi direktori Jan Cherim O‘zbekistonda islom moliyasiga bo‘lgan talab yuqori ekanini qayd etdi.

«Islom moliyasi chuqur ildiz otmagan mamlakatda bu turdagi bank mahsulotlariga bo‘lgan talab butun respublika bo‘ylab juda yuqori ekanligini kuzatish nihoyatda qiziq. Biz moliyalashtirishga ulgurgan ba’zi moliya muassasalari allaqachon ulkan o‘sishni ko‘rsatmoqda va talab yanada ortib borayotganini ta’kidlashmoqda», – dedi Jan Cherim.

Foto: ISSV

Ruminiyaning sobiq tashqi ishlar vaziri, Inception and Lead Group asoschisi va prezidenti Ramona Maneshku investorlarni jalb qilishda hukumatning qat’iy siyosiy irodasi muhim omil ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bugungi kunda investitsiyalar nafaqat daromad manbai, balki strategik sheriklik, iqtisodiy diversifikatsiya va raqamli transformatsiya vositasi sifatida ham qaralmoqda.

«Infratuzilma bu shunchaki qurilish loyihasi emas, portlar, aeroportlar va energetika yo‘laklarini qurish orqali mintaqalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni yaratishdir. Bu borada O‘zbekiston Markaziy Osiyo, Osiyo va Yevropa o‘rtasida o‘ziga xos strategik tranzit darvozasi rolini o‘ynaydigan noyob pozitsiyaga ega», – dedi Ramona Maneshku.

Sessiya yakunida ekspertlar O‘zbekistonda xorijiy sarmoya ishtirokini kengaytirish, islom moliyasi sohasidagi qonunchilik bazasini xalqaro standartlar va amaliyot bilan uyg‘unlashtirish mamlakatning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun muhim poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent dunyoda eng tez rivojlanayotgan shaharlar uchligiga kirgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek