Afg‘onistondan olib kelingan 37,6 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi

eʼlon qilindi
Tergov harakatlari davom etmoqda
Afg‘onistondan olib kelingan 37,6 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi
Foto: DXX

Afg‘onistondan olib kelingan 37,6 kg giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda Afg‘onistondan 25 kilogramm 444 gramm opiy hamda 11 kilogramm 86 gramm gashish moddalari O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani aniqlangan.

Shundan so‘ng ushbu giyohvandlik vositalari nazorat ostida Samarqand shahriga yetkazilgan. Ularni qabul qilib olish vaqtida 1989 va 1997-yillarda tug‘ilgan ikki nafar mahalliy fuqaro, shuningdek, 1993 va 1995-yillarda tug‘ilgan ikki nafar xorijlik fuqaro qo‘lga olingan.

Yana bir tezkor tadbir DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan. Unda 1955 va 2001-yillarda tug‘ilgan ikki nafar Afg‘oniston fuqarosi Termiz xalqaro savdo markazida 1 kilogramm 76 gramm opiy moddasini shartli xaridorga 5 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, ular giyohvandlik vositalarini yashirin tarzda olib kelishda o‘z tanasidan «jonli konteyner» sifatida foydalangan. Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi hamda 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Samarqand va Qashqadaryoda qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek