AQSh va Eron tinchlik kelishuvini Shveysariya Alp tog‘laridagi kurortda imzolaydi

AQSh va Eron o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi Shveysariya Alp tog‘larida joylashgan Byurgenstok kurortidagi mehmonxonada imzolanishi kutilmoqda. Bu haqda Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kurort muzokara joyi sifatida pokistonlik va qatarlik vositachilar tomonidan taklif qilingan. Mehmonxona borish qiyin bo‘lgan hududda joylashgani sababli u yerda xavfsizlik choralarini ta’minlash nisbatan osonroq ekani aytilmoqda.
AFP agentligining yozishicha, AQSh va Eron o‘rtasida tuzilgan o‘zaro anglashuv memorandumi allaqachon raqamli shaklda imzolangan.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful kelishuvga erishilganiga qaramay, Tehronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar uzoq davom etishini taxmin qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat «to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam» hisoblanadi.
Shu bilan birga, Vadeful asosiy masala — Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lish ehtimolini istisno qilish bo‘yicha muhokamalar hali ancha davom etishini ta’kidladi.
Avvalroq AQSh va Eron 14-iyun kuni urushni to‘xtatish bo‘yicha ramkaviy kelishuvga erishgani xabar qilingan edi. Kelishuvda sulh muddatini uzaytirish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish hamda keyingi muzokaralarni davom ettirish kabi bandlar ko‘zda tutilgani aytilmoqda.
Muzokaralar Tehronning yadroviy dasturini ham qamrab oladi. Hozircha kelishuvning aniq mazmuni to‘liq oshkor etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi qachon tiklanishi haqida yozgan edi.