MB islom moliyasi bo‘yicha 7 ta standart joriy etishni rejalashtirmoqda

O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish doirasida Markaziy bank tomonidan 2026-yilda bir nechta yangi standartlarni qabul qilish ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sanjar Nosirov 16-iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan panel sessiyasida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi bilan mamlakatda ikki model — to‘liq islomiy banklar hamda an’anaviy banklar tarkibidagi islomiy xizmatlar tizimi shakllanadi. Bu esa moliya sektorida dual tizim`ni joriy etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Markaziy bank huzurida Islom moliyasi kengashi tashkil etilib, u milliy standartlarni ishlab chiqish va banklar faoliyatini shariat talablariga muvofiqlashtirishni muvofiqlashtiradi. Har bir islomiy bank ichida ham alohida shariat nazorati tizimi ishlashi belgilangan.
Mutasaddilar bu islohotlar moliya bozorini kengaytirish bilan birga xalqaro standartlarga moslashuvni ham ta’minlashini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash va aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, shariat boshqaruvi va prudensial nazorat bo‘yicha yangi tartibga solish tizimi ishlab chiqilib, banklar faoliyati uchun aniq qoidalar va yo‘riqnomalar belgilanishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda islomiy bank xizmatlariga talab kutilganidan yuqori ekani haqida yozgandi.