Eronni tiklash uchun 300 milliard dollarlik investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi

AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralar doirasida $300 mlrdlik xususiy investitsiya mexanizmini yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Rekonstruksiya va rivojlanish jamg‘armasi deb nomlanishi kutilayotgan mazkur mexanizm urushni yakunlash bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishish uchun tomonlarga iqtisodiy rag‘bat yaratishga xizmat qiladi. Jamg‘arma davlat mablag‘lari yoki grantlar hisobidan emas, balki xususiy sektor investitsiyalari asosida shakllantiriladi. Mablag‘larni AQSh, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Osiyo, Janubiy Amerika va Afrika kompaniyalari ajratishi rejalashtirilgan.
Manbaga ko‘ra, investitsiyalar energetika, logistika, ishlab chiqarish va transport sohalariga yo‘naltiriladi. Eron tomoni dastlab urush oqibatida yetkazilgan zarar uchun AQShdan $400 mlrd miqdorida kompensatsiya talab qilgan, biroq Vashington bu talabni rad etgan. Shundan so‘ng investitsiya jamg‘armasini yaratish g‘oyasi ilgari surilgan.
Eron jamg‘arma doirasida mintaqa davlatlari kreditlar ajratish, kredit liniyalarini ochish yoki urushdan zarar ko‘rgan obyektlarni tiklashni to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtirish orqali ishtirok etadi. Xususan, Mobarakeh po‘lat majmuasi, neftni qayta ishlash zavodlari, aeroportlar va boshqa infratuzilma obyektlarini tiklash rejalashtirilmoqda.
Jamg‘arma AQSh sanksiyalarini bekor qilish hamda xorijda muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralardan alohida mexanizm hisoblanadi. U faqat yakuniy kelishuv imzolangandan keyin faoliyat boshlaydi. Tomonlar imzolashi kutilayotgan 60 kunlik memorandum esa ushbu jarayonning tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron tinchlik kelishuvini Shveysariya Alp tog‘laridagi kurortda imzolashi haqida yozgan edik.