Korrupsiyaga qarshi kurash: davlat xizmatchilari jazoni ijro etish muassasalarida

Davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga profilaktik tashriflar yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Mazkur tashabbus Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan 2026-yilga mo‘ljallangan Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.


Tashriflarning asosiy maqsadi davlat xizmatchilariga korrupsiyaning salbiy oqibatlarini amalda ko‘rsatish, noqonuniy harakatlar muqarrar ravishda javobgarlikka olib kelishini tushuntirish hamda xizmat vazifalarini halol va mas’uliyat bilan bajarish zarurligini kuchaytirishdan iborat.
Ilk tashrifda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Ular tergov xonalari, hibsda saqlash kameralari va muassasalarning boshqa infratuzilma obyektlari bilan tanishdi.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, bunday tashriflar kelgusida boshqa vazirlik va idoralar xodimlarini ham bosqichma-bosqich qamrab oladi. Tadbirlarga ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida yirik korrupsion sxema fosh etilgan edi.