O‘zbekiston va Malayziya agrosohada investitsiya qo‘mitasini tuzadi

eʼlon qilindi
Qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiya va savdo imkoniyatlarini o‘rganish uchun
Foto: Agrar.uz

O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligi sohasida investitsiya hamda savdo imkoniyatlarini o‘rganish uchun qo‘mita tuzishga kelishib oldi. Bu haqda Malayziyaning The Star nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, kelishuv Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabuning Toshkentga rasmiy tashrifi doirasida erishildi. U O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashdi.

Tomonlar hukumatlararo hamkorlik bilan birga biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni ham kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Bunda ikki mamlakat kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari yangi savdo hamda investitsiya imkoniyatlarini birgalikda o‘rganadi.

Muzokaralarda sun’iy intellekt, raqamli qishloq xo‘jaligi, aqlli texnologiyalar, barqaror suv boshqaruvi, akvamadaniyat va oziq-ovqat xavfsizligi asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Malayziya akvamadaniyat, dengiz mahsulotlari ishlab chiqarish, sifat nazorati va qisqichbaqachilik bo‘yicha tajribasini O‘zbekiston bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Malayziya tomoni bioflok texnologiyasi tajribasini ham taklif qildi. Ushbu texnologiya cheklangan maydonda baliqchilik mahsuldorligini oshirishga yordam beradi va O‘zbekiston baliqchilik tarmog‘i uchun foydali yechim bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston tomoni esa baliqchilik sohasini rivojlantirish, ichki oziq-ovqat ta’minotini kuchaytirish va mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish uchun Malayziya tajribasi, texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Tomonlar ilmiy hamkorlikni ham kengaytiradi. Malayziya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalari instituti hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi o‘rtasida memorandum tayyorlash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.

Ushbu hamkorlik olimlar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, yangi qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va innovatsiyalarni ishlab chiqishga yo‘l ochishi kutilmoqda.

2025-yil yanvar – dekabr oylarida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi hamda agrooziq-ovqat mahsulotlari savdosi $83 mlnga yetgan.

Malayziya O‘zbekiston delegatsiyasini 2026-yil 28-avgustdan 6-sentabrgacha bo‘lib o‘tadigan MAHA – 2026 xalqaro qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va agroturizm ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziya vaziri Toshkentda tandirda non yopgandi. Vazir Datuk Seri Hoji Muhammad bin Sabu boshchiligidagi delegatsiya Toshkentdagi «Eski Juva» dehqon bozoriga tashrif buyurdi.

Shuningdek