Markaziy bank futbolga bag‘ishlangan esdalik tangalari tirajini oshirdi

eʼlon qilindi
Yana 400 dona oltin hamda 2000 dona kumush tanga ishlab chiqariladi
Markaziy bank futbolga bag‘ishlangan esdalik tangalari tirajini oshirdi
Rasm sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi

Aholi tomonidan bildirilgan yuqori qiziqish va ko‘plab murojaatlar sabab Markaziy bank esdalik tangalari qo‘shimcha tirajda chiqarilishini ma’lum qildi. Bu haqda regulyator rasmiy sahifasida xabar berdi.

Unga ko‘ra, dastlab 100 dona oltin va 1000 dona kumush tanga zarb etilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, endilikda yana 400 dona oltin hamda 2000 dona kumush tanga ishlab chiqariladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining «Jahon chempionati – 2026»da ishtirok etishi mamlakat sporti tarixidagi eng muhim voqealardan biri sifatida e’tirof etilib, ushbu natijani tarixga muhrlash maqsadida 999,9 asllikdagi sof oltin va kumush tangalar zarb qilinganini yozgandi.

Esdalik tangalarining avers qismida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi logotipi, klassik futbol to‘pi tasviri hamda «Tarixiy zafar. O‘zbekiston futboli jahon chempionatida – 2026» yozuvi aks ettirilgan. Mazkur dizayn elementlari milliy terma jamoaning ilk mundial yo‘llanmasi va O‘zbekiston futboli tarixidagi yangi bosqichni ifodalaydi.

Tangalar revers qismida esa muxlislar orasida «Oq bo‘rilar» nomi bilan tanilgan milliy terma jamoa ramzi tasvirlangan. Bo‘ri silueti futbolchilarning shijoati, jamoaviy ruhi va matonatini ifodalasa, uning tarkibiga kiritilgan 26 nafar futbolchi silueti tarixiy natija butun jamoaning birdamligi va mehnati samarasi ekanini anglatadi.

Shuningdek, tanga dizaynida terma jamoa libosidagi naqshlardan foydalanilgan bo‘lib, ular O‘zbekistonning tarixiy obidalari bezaklaridan ilhomlangan.

Shuningdek