O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga a’zo bo‘ldi

O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkiloti (IOTA)ga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
16–18-iyun kunlari Budapeshtda Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotining 30-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Yopiq yalpi majlisda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining tashkilotga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida kirish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov o‘z nutqida mamlakatda soliq tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda raqamli xizmatlar, ma’lumotlar tahlili, tavakkalchilikka asoslangan nazorat va soliq majburiyatlariga ixtiyoriy rioya etishni qo‘llab-quvvatlashga asoslangan zamonaviy soliq tizimi shakllantirilmoqda.

Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa texnikasi, tovarlarni raqamli markirovkalash, avtomatlashtirilgan risk-tahlil va soliqlarni proaktiv hisoblash tizimlariga alohida e’tibor qaratilayotgani bildirildi.
Yopiq ovoz berish natijasida Bosh assambleya O‘zbekistonning arizasini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa mamlakat IOTAga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi.
Tashkilotga a’zolik O‘zbekistonga Yevropa mamlakatlari soliq ma’muriyatlari bilan hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Shuningdek, O‘zbekiston raqamlashtirish, risklarni boshqarish va soliq tizimini transformatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganishi hamda o‘z tajribasi bilan bo‘lishishi mumkin bo‘ladi.
Bosh assambleya doirasida soliq ma’muriyatchiligida sun’iy intellektdan foydalanish, komplayens vositalarini rivojlantirish, risklarni boshqarish va 2030-yilgacha soliq tizimlarining kelajakdagi modellari ham muhokama qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi tashkil etilgan Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanishi ma’lum qilingandi. Yangi ta’lim muassasasi soliq tizimi uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi bazaviy markaz sifatida faoliyat yuritadi.