Qirg‘izistonda Tashiyev ishi bo‘yicha sud jarayoni yana yopiq o‘tishi mumkin

eʼlon qilindi
Hozirda ish Bishkek shahridagi Pervomay tuman sudida ochiq tartibda ko‘rilmoqda
Qirg‘izistonda Tashiyev ishi bo‘yicha sud jarayoni yana yopiq o‘tishi mumkin
Foto: Knews.kg

Qirg‘izistonda sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev va boshqa sobiq yuqori lavozimli amaldorlarga oid ish bo‘yicha sud jarayoni yana yopiq tartibda o‘tkazilishi mumkin.

Hozirda ish Bishkek shahridagi Pervomay tuman sudida ochiq tartibda ko‘rilmoqda. Sud majlisi davomida raislik qiluvchi sudya Aziret Mederov sud zaliga kirishda qiyinchilik yuzaga kelganidan norozi bo‘ldi. Bunga sud binosida ommaviy axborot vositalari vakillarining ko‘pligi sabab bo‘lgan.

Shu holatdan so‘ng bir necha advokat sud jarayonini yana yopiq rejimda o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Himoyachilardan birining aytishicha, jurnalistlar sudlanuvchilarga juda yaqin kelmoqda, jarayon boshlanganiga 15 daqiqa bo‘lganiga qaramay, bahslar sabab majlis amalda boshlanmagan.

Qamchibek Tashiyev 10-fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgan edi. Shundan so‘ng mamlakatda kuch tuzilmalarida bir qator shov-shuvli hibslar amalga oshirildi.

Aprel oxirida advokat Sherdor Abdiqaparov Tashiyev, sobiq deputat Kurmankul Zulushev va Jogorku Kenesh sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyevga rasman ayblov e’lon qilinganini tasdiqlagan. Keyinroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yaqin do‘stini sudga topshirishga tayyorligini bildirgan. Tashiyev tergovchilar tomonidan so‘roq qilingan va unga mamlakatdan chiqish taqiqlangan.

Avvalroq «Kursiv» Tashiyevning ukasi yana ikki oy hibsda saqlanishi haqida yozgan edi.

Shuningdek