Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasi uchun 150 million dollar ajratadi

eʼlon qilindi
Dastur Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallani qamrab oladi
Jahon banki urushdan zarar ko‘rgan davlatlarga $100 milliardgacha mablag‘ ajratadi
Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasi uchun 150 million dollar ajratadi / Foto: World Bank

Jahon banki O‘zbekistonda qishloq infratuzilmasini yaxshilash va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish dasturining ikkinchi bosqichini moliyalashtirish uchun $150 mln ajratadi. Jami $340 mlnlik dasturga Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va O‘zbekiston hukumati $70 mln ajratadi.

Jahon banki tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (XTA) tomonidan taqdim etiladigan imtiyozli moliyalashtirish mablag‘lari «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Dastur mamlakatning Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi 296 ta mahallada jamoat infratuzilmasi va xizmatlar sifatini yaxshilashni nazarda tutadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning 38 mln aholisining qariyb yarmi qishloq joylarda istiqomat qiladi. Biroq ko‘plab hududlarda sifatli yo‘llar, maktablar, tibbiyot muassasalari, ichimlik suvi va elektr ta’minoti tizimlariga barqaror kirish imkoniyati hali ham cheklangan. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Birinchi bosqich

O‘zbekiston hukumati 2019-yilda Jahon bankining $100 mln va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining $82 mlnlik moliyaviy ko‘magida dasturning birinchi bosqichini boshlagan edi. Dastur 2026-yil iyun oyida yakunlanib, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlaridagi 306 ta mahallada 900 dan ortiq loyihalarni qamrab oldi.

Loyihalar doirasida 340 dan ortiq yo‘l, 220 ta elektr ta’minoti tizimi, 160 ta ichimlik suvi tarmog‘i, qariyb 100 ta maktab, 40 ta maktabgacha ta’lim muassasasi va 10 ta ko‘prik qurildi yoki modernizatsiya qilindi. Natijada qariyb 1 mln nafar qishloq aholisi, jumladan, ayollarning turmush sharoiti yaxshilandi.

Dasturning muhim jihatlaridan biri shundaki, infratuzilma loyihalarini tanlash va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish jarayonida mahalla rivojlantirish guruhlari bevosita qatnashadi. Ushbu guruhlar a’zolarining kamida 50 foizini ayollar tashkil etadi.

Ikkinchi bosqich

«Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» dasturining ikkinchi bosqichi uchun jami $340 mln ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shundan $150 mln Jahon banki, $120 mln Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va $70 mln O‘zbekiston hukumati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dastur O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Jahon banki mablag‘lari dastur doirasida belgilangan natijalar va asosiy bosqichlarga erishilishiga qarab bosqichma-bosqich ajratiladi.

2031-yilgacha dastur orqali qariyb 1,2 mln qishloq aholisi, jumladan, 600 ming nafar ayol va 300 ming nafar yoshning turmush sharoitini yaxshilash rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 15 ta pilot mahallada biznesni rivojlantirish markazlari tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va kichik ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlardan foydalanish, biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda yangi bozorlarga chiqishda ko‘mak beriladi.

Mazkur tashabbuslar natijasida 1,5 mingta to‘g‘ridan to‘g‘ri ish o‘rni yaratilishi, Jahon banki ishtirokidagi boshqa loyihalar bilan birgalikda esa dastur hududlarida qariyb 25 mingta yangi va yuqori daromadli ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va YTTB loyihalari portfeli 7 mlrd dollardan oshgani haqida yozgan edik.

Shuningdek