Raqobat qo‘mitasi 8 ta tibbiyot markaziga narxlarni qayta ko‘rib chiqishni topshirdi

Raqobat qo‘mitasi 8 ta respublika va hududiy ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tibbiy xizmatlar narxlarini maqbullashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Qo‘mita 2026-yil aprel oyidan boshlab respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar narxlari qanday shakllantirilganini o‘rganmoqda.
May oyiga qadar 8 ta markazda o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Ular orasida kardiologiya, ko‘z mikroxirurgiyasi, endokrinologiya, xirurgiya, urologiya, terapiya hamda tibbiy reabilitatsiya, ona va bola salomatligi hamda dermatovenerologiya va kosmetologiya markazlari bor.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, ayrim holatlarda tariflarni shakllantirish bo‘yicha belgilangan talablar to‘liq bajarilmagani aniqlangan.
Shu munosabat bilan o‘rganish o‘tkazilgan markazlarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mita o‘rganishlar yakuni bo‘yicha tibbiy xizmatlar tariflarini maqbullashtirishga qaratilgan umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqilishini bildirdi. Ushbu takliflar vakolatli davlat organlariga yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita monopol korxonalarni narxni asossiz oshirmaslikka chaqirgandi. 1-iyundan boshlab yonilg‘i-energetika resurslari narxlarining 10 foizga oshishi ayrim mahsulot va xizmatlar tannarxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.