O‘rta Chirchiqda kanalga tushib ketgan Nexia «qutqarib olindi» — video

O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Toshkent magistral kanaliga tushib ketgan Nexia rusumli avtomobil qutqaruvchilar tomonidan olib chiqildi. Bu haqda FVV ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, 18-iyun kuni soat 14:01 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga tumanning «Jang‘abay» MFY hududidan oqib o‘tuvchi kanalga avtomobil tushib ketgani va uni chiqarib olish uchun yordam zarurligi haqida xabar kelib tushgan.
Xabardan so‘ng viloyat FVBB qutqaruvchilari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, maxsus texnika hamda qutqaruv asbob-uskunalari yordamida avtomobilni kanaldan olib chiqdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaga avtomobilning tormoz tizimidagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan. Avtomobilda yolg‘iz bo‘lgan haydovchi tezkor harakat qilib, transport vositasidan quruqlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FVV xodimlari tomonidan Shahrisabzda tez oqar kanalga tushib ketgan fuqaro qutqarilgan edi.