
Honda kompaniyasi Yaponiyadagi eng ommabop avtomobillaridan biri — Honda N-Box kei-karining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.
Asosiy o‘zgarishlar N-Box Custom versiyasiga tegishli bo‘ldi. Avtomobil yangilangan old bamper, metall dekorativ elementlarga ega ixchamroq radiator panjarasi hamda qayta ishlangan LED optikaga ega bo‘ldi.

Salonda ham ayrim o‘zgarishlar bor. N-Box Custom interyerida qora yaltiroq qoplama va xrom elementlar uyg‘unligidagi yangi dekor paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, avtomobil Night Blue nomli LED atmosfera yoritgichi bilan jihozlandi.
Joy versiyasi uchun Black Style paketi ham tayyorlandi. U qoraytirilgan eksteryer elementlari, qora emblema, salondagi to‘q rangli bezaklar hamda katak naqshli maxsus o‘rindiq matosini o‘z ichiga oladi.

Fashion Style versiyasi ikki rangli kuzov bilan taklif etiladi. Unda tom qismi, yon oynalar korpusi va eshik tutqichlari oq rangda ishlangan.
Texnik jihatdan avtomobil o‘zgarishsiz qolgan. Kapot ostida 660 kub santimetr hajmli uch silindrli dvigatel o‘rnatiladi. Atmosfera versiyasi 58 ot kuchi, turbinali talqin esa 64 ot kuchi ishlab chiqaradi. Har ikki variant CVT variatori bilan ishlaydi va old g‘ildirakdan tortuvchi hamda to‘liq uzatmali versiyalarda taklif etiladi.
Avvalroq «Kursiv» Honda avtomobillari uchun 8 yilgacha kafolat joriy etgani haqida yozgan edi.