AQSh va Eron vakillari Shveysariyada yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Muzokaralarda Livandagi vaziyat ham alohida muhokama qilingan
AQSh va Eron vakillari Shveysariyada yadro kelishuvi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi
Foto: Getty Images

AQSh va Eron muzokarachilari Shveysariyada yadro kelishuvi bo‘yicha yangi jarayonni boshlash maqsadida uzoq davom etgan uchrashuvlar o‘tkazdi. Axios xabariga ko‘ra, tomonlar yakshanba oqshomigacha davom etgan muzokaralarda 60 kunlik diplomatik tashabbusni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilgan.

Muzokaralar Shveysariyadagi Lyutsern ko‘li yaqinida o‘tkazilgan sammit doirasida bo‘lib o‘tdi. AQSh delegatsiyasiga vitse-prezident Jey Di Vens boshchilik qilgan. Unda Oq uy vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner ham qatnashgan. Uchrashuvlarda Eron, shuningdek, vositachi sifatida Qatar va Pokiston vakillari ishtirok etgan.

Muzokaralar ikki tomon o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganiga qaramay davom etgani ta’kidlanmoqda. Bu esa Vashington va Tehron diplomatik muloqotni uzmaganini va kelgusida nafaqat yadro dasturi, balki mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ham kengroq muhokamalarga zamin yaratilayotganini ko‘rsatadi.

AQSh diplomati so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlarda yadro kelishuvining barcha asosiy elementlari muhokama qilingan. Tomonlar, shuningdek, siyosiy rahbarlar va texnik guruhlar o‘rtasidagi keyingi muzokaralar qanday davom ettirilishini ham ko‘rib chiqqan.

Yana qanday mavzular muhokama qilingan

Muzokaralarda Livandagi vaziyat ham alohida muhokama qilingan. AQSh vakili tomonlar Isroil harbiylari va «Hizbulloh» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar fonida Livanda keskinlikni kamaytirish mexanizmlari hamda sulhga rioya etilishini ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqqanini aytdi.

Shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat ham kun tartibidan o‘rin olgan. Eron avvalroq Isroilning Livandagi sulh shartlarini buzganini iddao qilib, bo‘g‘ozni yopish masalasini ilgari surgani aytilgan edi. AQSh tomoni esa muzokaralarda Hormuz bo‘g‘ozi to‘liq ochiq qolishi zarurligini aniq bildirgan.

Muzokaralarda ilgari kelishilgan anglashuv memorandumi ijrosi ham muhokama qilingan. Tomonlar barcha ishtirokchilar pozitsiyalarini muvofiqlashtirish va jarayonni texnik darajada davom ettirish yo‘llarini ko‘rib chiqqan.

AQSh diplomati uchrashuvlarda AQSh, Eron, Pokiston va Qatar vakillari muzokaralar natijasidan mamnun kayfiyatda bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, dastlabki bosqich tomonlarni keyingi muzokaralarga tayyorlash va o‘zaro ishonchni oshirishga xizmat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun yig‘im joriy etishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek