
Samsung kompaniyasining bo‘lajak Samsung Galaxy S27 Pro smartfoni yangi o‘lchamdagi displey va apparat darajasidagi maxfiylik himoyasi bilan jihozlanishi mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ushbu modelda 6,47 dyuymli yangi ekrandan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Bu Galaxy S27 Pro‘ni Galaxy S27 Ultra’dan ancha ixchamroq modelga aylantiradi. Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Ultra kattaroq korpus va sig‘imi 5200 – 5500 mA/soat oralig‘ida bo‘lishi kutilayotgan akkumulyator bilan taqdim etilishi mumkin. Galaxy S27 Pro esa 5000 mA/soat sig‘imli batareya olishi aytilmoqda.
Kichikroq ekran kundalik foydalanishda kamroq energiya sarflashi mumkin. Shu sababli Galaxy S27 Pro ayrim holatlarda avtonom ishlash bo‘yicha Galaxy S27 Ultra bilan tenglashishi yoki hatto, undan yaxshiroq natija ko‘rsatishi ehtimoli bor.
Insayder ma’lumotida smartfon apparat darajasidagi maxfiylikni himoya qilish tizimiga ega bo‘lishi ham qayd etilgan. Taxminlarga ko‘ra, Samsung hozirgi modellarida mavjud Privacy Screen funksiyasini yanada rivojlantirmoqda. Ushbu texnologiya ekrandagi ma’lumotlarni yon tomondan ko‘rishni cheklab, foydalanuvchi maxfiyligini oshirishga xizmat qiladi.
Texnik imkoniyatlar
Galaxy S27 Pro texnik jihatdan ham flagman darajasida bo‘lishi kutilmoqda. Smartfon Galaxy S27 Ultra bilan bir xil Snapdragon 8 Elite Gen 6 Pro chipsetidan foydalanishi mumkin. Bu esa ixchamroq korpusga qaramay, qurilma yuqori unumdorlikni saqlab qolishini anglatadi.
Hozircha Samsung Galaxy S27 Pro haqida rasmiy ma’lumot bermagan. Shu sababli displey o‘lchami, batareya sig‘imi, maxfiylik tizimi va chipset bo‘yicha tafsilotlar insayder ma’lumotlari sifatida baholanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Samsung Galaxy M47 smartfoni qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.