Toshkentda avtobus 26 yoshli yigitni urib yubordi

Toshkent shahrida avtobus va piyoda ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ axborot xizmati ma’lum qildi.
Hodisa 21-iyun kuni kechki soat 21:00 atrofida Yakkasaroy tumanida, Shota Rustavelli ko‘chasi yo‘nalishida yuz bergan. 38-yo‘nalishda harakatlanayotgan King Long rusumli avtobus harakati davomida piyoda svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay yo‘lga chiqib ketgan.
Natijada 26 yoshli piyoda avtobus bilan to‘qnashgan.
Haydovchi zudlik bilan transport vositasini to‘xtatib, jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan va uni tez yordam orqali 16-sonli shifoxonaga yetkazgan. Piyodaning hozirgi holati bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Mazkur yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qo‘qonda Malibu haydovchisi uch nafar 10 yoshli qizlarni urib yuborgani va bir qiz vafot etgani haqida yozgandi.